55-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muvaqqat reglamenti toʻgʻrisida (30-I-son) · Sana: 15.03.2005 · Amalda
Qonunchilik palatasi har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay, oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitadi.
Qonunchilik palatasi har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay, oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitadi.
Qonunchilik palatasi yoki u vakolat bergan organ har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay, oʻz majlisida siyosiy partiyalarning oʻz faoliyatlarini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi.
Siyosiy partiyaning hisobotiga uning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisob-kitob varagʻiga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablagʻlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi.
Siyosiy partiyalarning oʻz faoliyatlarini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini muhokama qilish natijalariga koʻra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi.
Siyosiy partiyaning moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisoboti ommaviy axborot vositalari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari taklif etilgan holda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotlari yuzasidan qabul qilgan qarorlari mazkur qarorlar qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasining majlisida hukumat aʼzolarining faoliyati masalalari yuzasidan ularning axborotini eshitish deputatlar birlashmalarining tashabbusiga koʻra amalga oshiriladi hamda Qonunchilik palatasi majlislarining kun tartibiga muvofiq oʻtkaziladi.
Qoʻmitalar, shuningdek deputatlar davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspert xulosalari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib olishlari mumkin.
Qoʻmitalar yoki deputatlar talab qilib oladigan axborotni tegishli davlat organi, boshqa tashkilot, mansabdor shaxs murojaat olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.
