25-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muvaqqat reglamenti toʻgʻrisida (30-I-son) · Sana: 15.03.2005 · Amalda
Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasi Spikeri qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqadigan qoʻmitaga (bundan buyon matnda masʼul qoʻmita deb yuritiladi) topshiradi. Masʼul qoʻmita qonun loyihasini koʻrib chiqishga qabul qilish mumkinligi yoki uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish zarurligi toʻgʻrisida Kengashga belgilangan muddatda xulosa taqdim etadi.
Kengash masʼul qoʻmitaning xulosasi asosida qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish yoki u belgilangan talablarga nomuvofiq boʻlsa, uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangidan kiritilishi mumkin.
Agar tegishli masala boʻyicha qonun loyihasi palata tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan boʻlsa, ayni shu masala boʻyicha boshqa qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilinmaydi.
Qonun loyihasi koʻrib chiqish uchun qabul qilinganda Kengash qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash muddatini belgilaydi.
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan qonun loyihasi tegishli materiallar bilan qoʻmitalarga yuboriladi.
