30-modda. Oliy Majlis, Joʻqorgʻi Kenges deputatining daxlsizligi
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Oliy Majlis deputati Oliy Majlisning, sessiyalar oraligʻidagi davrda esa — Oliy Majlis Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Joʻqorgʻi Kenges deputati Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida Joʻqorgʻi Kengesning, sessiyalar oralagʻidagi davrda esa — Joʻqorgʻi Kenges Raisining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas. Joʻqorgʻi Kenges Raisining rozilik berish haqidagi qarori keyinchalik Joʻqorgʻi Kenges tasdigʻiga kiritiladi.
Oliy Majlis deputatiga nisbatan jinoiy ish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan, Joʻqorgʻi Kenges deputatiga nisbatan esa — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Oliy Majlis va Joʻqorgʻi Kenges deputatini majburan keltirish, ushlash, shuningdek uning shaxsiy buyumlarini, yuki, transporti, uy-joyi yoki xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
