21-modda. Deputatning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida har bir deputatga oʻz vakolatlarini moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun sharoit yaratilishiga kafolat beriladi, uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinadi.
Deputatning shaʼni va qadr-qimmatiga qasd qilgan shaxslar qonunga muvofiq maʼmuriy, jinoiy yoki oʻzga javobgarlikka tortiladilar. Deputatni haqorat qilish, shuningdek unga nisbatan tuhmat qilish qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
Deputat oldidagi oʻz vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga toʻsqinlik qiladigan, unga ataylab soxta maʼlumot beradigan, deputatlik faoliyati kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Deputatlik vazifalarini bajarishga biron-bir shaklda monelik qilish yoki kimningdir foydasiga qaror qabul qilinishiga erishish maqsadida deputatga qanaqa tarzda boʻlmasin taʼsir koʻrsatish qonunda belgilangan tartibda jazolanadi.
