20-modda. Deputatning qonuniylik buzilgan hollarni bartaraf etishni talab qilish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari buzilgan taqdirda yoki qonuniylikni buzishning boshqa hollarida deputat davlat hokimiyatining vakili sifatida, oʻsha joyning oʻzida bunday qonunbuzarlik toʻxtatilishini talab qilishga, zarur hollarda esa, ularga chek qoʻyishni talab qilib, tegishli organlar va mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqlidir. Qonunbuzarlik fakti deputatning oʻzi yoki uning talabi bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki nazorat organining vakili tuzgan bayonnomada qayd etilishi mumkin.
Deputat talab bilan murojaat etgan davlat organlarining mansabdor shaxslari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarining rahbarlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning maʼmuriyati, shuningdek militsiya xodimlari qonun buzilgan hollarni bartaraf etish uchun, zarur hollarda esa aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun zudlik bilan chora koʻrishlari va keyinchalik buni deputatga maʼlum qilishlari shart. Chora koʻrmagan taqdirda mansabdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
