16-modda. Deputatning fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqishi
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Deputatning saylovchilardan oʻziga tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda koʻrib chiqadi, ularni oʻz vaqtida toʻgʻri hal etish choralarini koʻradi, oʻz saylov okrugida fuqarolarni muntazam ravishda qabul qilib turadi. Deputat fuqarolarni qabul qilishda ishtirok etish uchun tegishli hokimiyat vakillik organi hududida joylashgan davlat organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslarini taklif qilishga haqlidir.
Deputat shikoyatlarni keltirib chiqarayotgan sabablarni oʻrganadi va zarur hollarda oʻz takliflarini tegishli hokimiyat vakillik organiga kiritadi.
Deputat oʻzi yuborgan taklif, ariza va shikoyatlar tegishli hokimiyat organi hududida joylashgan davlat organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda koʻrib chiqilishini nazorat qilishga va ularning koʻrib chiqilishida shaxsan ishtirok etishga haqlidir.
