8-modda. Fuqaro muhofazasi sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Fuqaro muhofazasi sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
fuqaro muhofazasini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqadi;
oʻz vakolati doirasida davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro muhofazasi rejasi loyihasini ishlab chiqadi;
harbiy qismlar va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshqarilishini tashkil etadi;
fuqaro muhofazasi ehtiyojlarini koʻzlab zarur qurol-aslahalar, texnika, muhofazalanish vositalari va boshqa moddiy-texnika vositalari yetkazib berilishi uchun davlat buyurtmasi loyihasini shakllantiradi;
xabar berishni tashkil etish va fuqaro muhofazasi tizimini shay holatga keltirish boʻyicha direktiv hujjatlar ishlab chiqadi;
fuqaro muhofazasi kuchlari va vositalarining jangovarlik hamda safarbarlik tayyorgarligini taʼminlaydi;
shaxsiy tarkib va aholi fuqaro muhofazasi sohasida oʻrgatilishini tashkil etadi;
fuqaro muhofazasi tadbirlari bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
