20-modda. Fuqaro muhofazasi tuzilmalari
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Fuqaro muhofazasi tuzilmalari qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish uchun hududiy-ishlab chiqarish prinsipiga koʻra tashkil etiladi.
Fuqaro muhofazasi tuzilmalari:
boʻysunuviga koʻra — hududiy (viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi) hamda obyekt (xalq xoʻjaligi obyektlaridagi) tuzilmalariga;
belgilangan vazifasiga koʻra — umumiy maqsaddagi (zararlanish oʻchoqlarida qutqaruv ishlarini olib borish uchun) tuzilmalarga va maxsus tadbirlarni bajaruvchi xizmatlar (qidiruv ishlarini olib borish, tibbiy yordam koʻrsatish, yongʻinlarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni oʻchirish, jamoat tartibini saqlash va hokazo) tuzilmalariga boʻlinadi.
Fuqaro muhofazasi tuzilmalariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari: 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklar, 18 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan ayollar qabul qilinadi, safarbarlik koʻrsatmasiga ega boʻlgan harbiy xizmatga majburlar, I, II, III guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, homilador ayollar, sakkiz yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar, shuningdek uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, oʻrta yoki oliy tibbiy maʼlumotli ayollar bundan mustasno.
