14-modda. Fuqarolarning fuqaro muhofazasi sohasidagi majburiyatlari
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Fuqarolar:
ushbu Qonunga va fuqaro muhofazasi sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya qilishlari;
fuqaro muhofazasi tadbirlarini bajarishda ishtirok etishlari va tegishli tayyorgarlikdan oʻtishlari;
fuqaro muhofazasi signallarini, umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan foydalanish qoidalarini bilishlari;
jabrlanganlarga dastlabki tibbiy va boshqa xil yordam koʻrsatishni bilishlari;
davlat organlariga, shuningdek tashkilotlarga fuqaro muhofazasi sohasidagi vazifalarni hal etishda koʻmaklashishlari;
fuqaro muhofazasi obyektlari va mol-mulkini asrab-avaylashlari shart.
Fuqaro muhofazasi sohasida fuqarolarning zimmasida qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
