1-modda. Asosiy tushunchalar
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
fuqaro muhofazasi — harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflardan Oʻzbekiston Respublikasi aholisini, hududlarini, moddiy va madaniy boyliklarini muhofaza qilish maqsadida oʻtkaziladigan tadbirlarning davlat tizimi;
fuqaro muhofazasi xizmati — fuqaro muhofazasi maxsus tadbirlarini bajarish, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining harakatlarini taʼminlash uchun kuchlar va vositalarni tayyorlash maqsadida tuzilgan funksional boʻlinmalar majmui;
himoya inshootlari — aholini va ishlab chiqarish xodimlarini zamonaviy qirgʻin vositalaridan muhofaza qilishga maxsus moʻljallangan muhandislik inshootlari majmui;
fuqaro muhofazasi kuchlari — qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish uchun tuziladigan fuqaro muhofazasi harbiy qismlari, umumiy va maxsus hududiy, funksional va obyekt tuzilmalari.
