5-modda. Ijara shartnomasi
Ijara toʻgʻrisida (427-XII-son) · Sana: 19.11.1991 · Amalda
Tomonlarning ixtiyoriyligi va toʻla teng huquqliligi asosida maʼlum muddatga tuziladigan ijara shartnomasi ijara munosabatlarining yuzaga kelishiga asos boʻladi. Bunda qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish uchun yerni, boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish uzoq muddatga — kamida 5 yilga moʻljallangan boʻlishi kerak.
Ijara shartnomasi tanlov asosida tuzilishi mumkin.
Ijara shartnomasida:
ijaraga berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati, uni ijaraga berish tartibi;
ijara muddati;
ijara haqi shartlari va miqdori, uni toʻlash muddatlari;
ijaraga beruvchi ijarachiga berishi kerak boʻlgan mol-mulkning holati;
ijarachining mol-mulkdan foydalanish shartlari;
shartnoma tugatilganidan keyin ijarachining mol-mulkni ijaraga beruvchiga qanday holatda va qay tartibda qaytarishi;
ijaraga berilgan mol-mulkni tiklash va taʼmirlash yuzasidan tomonning majburiyati;
toʻla amortizatsiyadan soʻng mol-mulk kimga qarashli boʻlish shartlari;
agar ijaraga olingan mol-mulk keyinchalik sotib olish sharti bilan topshirilayotgan boʻlsa, uni sotib olish shartlari, tartibi va muddati;
ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berish sharti, tartibi va imkoniyati;
ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga taqdim etadigan axborotning koʻlami va axborotni berish muddatlari;
tomonlarning masʼuliyati koʻzda tutiladi.
Yerni va boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish shartnomasiga tabiiy obyektdan moʻljallangan maqsadga muvofiq holda oqilona foydalanish yuzasidan ijarachining majburiyatlari koʻzda tutilgan qoidalar ham kiritiladi.
Ijara shartnomasida ijaraga beruvchining noishlab chiqarish sohasiga taalluqli mol-mulk obyektlari va ularning qiymati alohida ajratib koʻrsatiladi, tomonlarning ushbu obyektlarga nisbatan majburiyatlari (ularni asrash va saqlab turish) ham aytib oʻtiladi.
Ijara shartnomasiga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
