32-modda. Ijara munosabatlari subyektlarining javobgarligi
Ijara toʻgʻrisida (427-XII-son) · Sana: 19.11.1991 · Amalda
Quyidagi hollarda:
Shartnoma tuzish tartibi va shartlarini buzishda;
Shartnoma majburiyatlarini bajarmaslikda;
Shartnomani bir tomonlama oʻzgartirishda yoki bekor qilishda;
Shartnomani oʻzgartirish va tugatish tartibi hamda shartlarini buzishda aybdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar, davlat idoralarining mansabdor shaxslari qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida ijara toʻgʻrisidagi qonunchilikni oʻzgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik koʻzda tutilishi mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlari yetkazgan zararni, shu jumladan boy berilgan foydani Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda jabrlanuvchiga toʻlashlari shart.
Ijarachi ijaraga olingan korxonaning qarzlari boʻyicha:
oʻz mol-mulki bilan (davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalari uchun);
oʻz mol-mulki hamda ijarachi jamoa aʼzolarining shaxsiy mol-mulki bilan (jamoa mulkiga, xususiy mulkka asoslangan ijara korxonalari uchun, shuningdek yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijara sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar uchun), ular yetarli boʻlmagan taqdirda esa — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilanadigan tartibda va hajmlarda javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 19-noyabr,
427-XII-son
