22-modda. Ijara korxonasining maqomi
Ijara toʻgʻrisida (427-XII-son) · Sana: 19.11.1991 · Amalda
Korxona ijara shartnomasi imzolanganidan, umumiy yigʻilishda (konferensiyada) ustav tasdiqlanganidan keyin ijara korxonasi maqomiga ega boʻladi. Ijara korxonasining ustavida Davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalaridan tashqari korxonaning qarzlari boʻyicha ijara jamoasi aʼzolarining mulkiy javobgarligi koʻzda tutilishi kerak.
Ijara korxonasini tashkil etish, uning faoliyati va uni tugatish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ijara korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan va korxona mulkini belgilangan tartibda qabul qilib olgandan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi.
Ijaraga olingan korxonaning xoʻjalik faoliyatini ijaraga oluvchi mustaqil yuritadi. Ijara shartnomasi boʻyicha olgan majburiyatlarini bajarish doirasidan tashqarida ijarachi boshqaruvda va oʻz xoʻjalik faoliyatida batamom erkindir. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan korxona faoliyatiga aralashishiga, rejalarni, hisobotlarni va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda shartnomada koʻzda tutilmagan boshqa maʼlumotlarni oʻziga berishni talab qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ijara korxonasini boshqarish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va ustavga muvofiq amalga oshiriladi.
