“279-modda. Saylab qoʻyiladigan kasaba uyushmalari xodimlariga beriladigan qoʻshimcha kafolatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat qonunlari kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (929-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Ishlab chiqarishdagi ishdan ozod etilmagan kasaba uyushmalari organlari tarkibiga saylangan xodimlar — oʻzlari aʼzo boʻlgan kasaba uyushmasi organining oldindan beradigan roziligisiz, korxona, muassasa, tashkilot boʻlinmalarining saylab qoʻyiladigan kasaba uyushmasi organlarining rahbarlari — korxona, muassasa, tashkilotning tegishli saylab qoʻyiladigan kasaba uyushmasi organining oldindan beradigan roziligisiz, korxona, muassasa, tashkilot saylab qoʻyiladigan kasaba uyushmasi organining rahbarlari va kasaba uyushmasi tashkilotchilari esa — kasaba uyushmalari tegishli birlashmasining oldindan beradigan roziligisiz intizomiy javobgarlikka tortilishlari mumkin emas.
Ishlab chiqarishdagi ishdan ozod etilmagan kasaba uyushmasi organlari tarkibiga saylangan xodimlarni maʼmuriyat tashabbusi bilan ishdan boʻshatishga ishdan boʻshatishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, ular aʼzo boʻlgan kasaba uyushmasi organining roziligi olingandan keyingina, korxonadagi kasaba uyushmasi organining raislari va aʼzolarini maʼmuriyatning tashabbusi bilan ishdan boʻshatishga esa, yuqoridagilardan tashqari, faqat tegishli kasaba uyushmasi birlashmasining roziligi olinganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi. Kasaba uyushmasi tashkilotchilari va kasaba uyushmasi guruhlari tashkilotchilarini maʼmuriyat tashabbusi bilan ishdan boʻshatishga tegishli kasaba uyushmasi birlashmasi organining roziligi olingan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Kasaba uyushmalari saylab qoʻyiladigan organlarining ishlab chiqarishda oʻzining asosiy ishidan ozod qilinmagan aʼzolariga jamoa shartnomasi, bitimida belgilab qoʻyiladigan shartlarga muvofiq, jamoa manfaatlari yoʻlida jamoatchilik vazifalarini bajarishlari uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan boʻsh vaqt beriladi, shuningdek qisqa muddatli kasaba uyushmasi oʻquviga qatnagan vaqtlarida ularning oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi.
Kasaba uyushmasi organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan xodimlarga saylov vakolatlari tugaganidan soʻng avvalgi oʻz ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) boʻlmagan taqdirda oʻsha korxonada yoki xodimning roziligi bilan boshqa korxonada avvalgisiga teng keladigan boshqa ish (lavozim) beriladi. Tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, oldingi ish joyidagi korxona maʼmuriyati, korxona tugatilgan taqdirda esa — kasaba uyushmasi xodim uchun ishga joylashish davrida oʻrtacha ish haqini saqlab qoladi, lekin bu muddat olti oydan oshmasligi kerak, malakasini oʻzgartirish uchun oʻqish chogʻida esa bir yil muddatgacha oʻrtacha ish haqi saqlab turiladi.
