234-modda. Komissiyada mehnat nizolarini koʻrish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat qonunlari kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (929-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Mehnat nizolari komissiyasi mehnat nizosini ariza berilgan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat ichida koʻrib chiqishi shart. Nizo ariza bergan xodim va maʼmuriyat vakili ishtirokida koʻriladi. Xodim yozma ariza bilan iltimos qilgandagina nizo uning ishtirokisiz koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi. Basharti, xodim komissiya majlisida hozir boʻlmasa, uning arizasini koʻrib chiqish boshqa kunga koʻchiriladi. Agarda, xodim komissiya majlisiga ikkinchi marta ham uzrli sabablarsiz kelmasa, komissiya mazkur arizani koʻrib chiqishni kun tartibidan olib tashlash xususida qaror qabul qilishi mumkin. Bu esa xodimni takroran ariza bilan murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi.
Xodim mehnat nizosining qarab chiqilishida ishtirok etish uchun oʻz hisobidan advokat taklif qilish huquqiga ega.
Mehnat nizolari komissiyasi majlisga guvohlarni chaqirtirish, mutaxassislarni, korxona, muassasa va tashkilotda faoliyat koʻrsatayotgan kasaba uyushmalarining vakillarini taklif qilish huquqiga ega. Komissiyaning talabiga binoan maʼmuriyat zarur hisob-kitoblar va hujjatlarni taqdim etishi shart.
Mehnat nizolari komissiyasining majlisi, basharti komissiya tarkibiga saylangan aʼzolarning kamida yarmi ishtirok etsa, haqiqiy deb hisoblanadi.
