6-modda. Xazina majburiyatlari
Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida (918-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xazina majburiyatlari — ularning egalari budjetga pul mablagʻlari berganliklarini tasdiqlovchi hamda bu qimmatli qogʻozlarga egalik qilishning butun muddati davomida qayd etilgan daromadni olish huquqini beruvchi, taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qogʻozlar turidir.
Xazina majburiyatlarining quyidagi turlari chiqariladi:
uzoq muddatli — besh yil va undan koʻproq muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari;
oʻrtacha muddatli — bir yildan besh yilgacha muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari;
qisqa muddatli — bir yilgacha boʻlgan muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari.
Uzoq muddatli va oʻrtacha muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Qisqa muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qarorlarda daromadlarni hamda majburiyat qarzlarini toʻlash shartlari belgilab qoʻyiladi.
