5-modda. Obligatsiyalar
Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida (918-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Obligatsiyalar ularning egasi pul mablagʻlari berganligini tasdiq etuvchi va qimmatli qogʻozlarning belgilangan qiymatini ularda koʻrsatilgan muddatda, qayd etilgan foiz toʻlangan holda, basharti obligatsiyalarni chiqarish shartlarida oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, qoplash majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qogʻozlardir.
Quyidagi turlardagi obligatsiyalar chiqariladi:
respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari;
korporativ obligatsiyalar.
Obligatsiyalar oddiy va yutuqli, foizli va foizsiz (maqsadli), erkin muomalada yuritiladigan yoki muomala doirasi cheklangan qilib chiqarilishi mumkin. Maqsadli obligatsiyalarning rekviziti obligatsiyalar qaysi mollar (xizmatlar) uchun chiqarilgan boʻlsa, shu mollarni (xizmatlarni) aks ettirishi shart.
Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari taqdim etuvchiga tegishli qilib chiqariladi. Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda emitent, obligatsiyalarni chiqarish shartlari va ularni tarqatish tartibi belgilab qoʻyilishi lozim.
Korporativ obligatsiyalarni faqat ochiq aksiyadorlik jamiyatlari:
auditorlik tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlangan oʻz kapitalining obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadagi miqdori doirasida;
keyingi uch yil mobaynida rentabellik, toʻlov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy koʻrsatkichlariga ega boʻlsa, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil reyting bahosini olgan boʻlsa;
investorlarga tegishli mablagʻlarning emitentlar tomonidan toʻlanishi boʻyicha toʻlov agentlari vazifalarini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqarishi mumkin.
Korporativ obligatsiyalar oʻz egalariga ochiq aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda qatnashish huquqini bermaydi.
Korporativ obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ochiq aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organi tomonidan ushbu Qonunga va jamiyat ustaviga muvofiq qabul qilinadi hamda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Korporativ obligatsiyalarni emitentlarning ustav fondini shakllantirish va toʻldirish uchun, shuningdek emitentlarning xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini qoplash uchun chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
