12-modda. Emitent faoliyati toʻgʻrisidagi axborot
Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida (918-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Emitent oʻzining moliya-xoʻjalik ahvoli va faoliyatining natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikka har yili kamida bir marta axborot berishi (matnda bundan keyin yillik hisobot deb yuritiladi) shart. Yillik hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechikmay eʼlon qilinadi hamda egasi yozilgan aksiyadorlarga va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga yuboriladi. Yillik hisobotda emitent toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar keltirilishi lozim:
uning oldingi yilgi xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi axborot;
moliyaviy ahvol toʻgʻrisidagi auditor tasdiqlagan maʼlumotlar, shuningdek oldingi yilgi balanslar va auditorlar hisoboti;
qoʻshimcha chiqarilgan qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibidagi oʻzgartishlarga doir asoslar.
Emitent oʻz xoʻjalik faoliyatida sodir boʻlgan hamda qimmatli qogʻozlarning qiymatiga yoki ular yuzasidan olinadigan daromadlar miqdoriga taʼsir etuvchi oʻzgarishlar, xususan:
qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlar oʻzgarganligi;
mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibida oʻzgarishlar roʻy berganligi;
emitent bankdagi schyotlar xatlanganligi;
sogʻlomlashtirish (emitentning moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbirlar majmuini amalga oshirish) harakatlari boshlanganligi;
emitent faoliyati qayta tashkil etilganligi, toʻxtatib qoʻyilganligi yoki tugatilganligi;
favqulodda holatlar oqibatida emitent mol-mulkining kamida 10 foizi nobud boʻlganligi;
emitent mol-mulkining 10 foizidan ortiq miqdorda emitentga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatilganligi;
ustav fondi yoki emitent asosiy va muomaladagi mablagʻlari qiymatining 50 foizidan ortiq miqdorida qarz olinganligi yoki qimmatli qogʻozlar emissiya qilinganligi toʻgʻrisidagi axborotlarni ikki kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga yuborishi, shuningdek mazkur oʻzgarishlarga oid axborotlarni eʼlon qilishi shart.
Basharti emitent aksiyalari fond birjasida muomalada yursa, u mazkur axborotlarni birjaga koʻrsatilgan muddatda taqdim etishi shart.
