11-modda. Emissiya toʻgʻrisidagi axborot
Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida (918-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent, shuningdek u bilan kelishib turib qimmatli qogʻozlarni dastlabki egalariga sotuvchi investitsiya muassasalari har bir xaridorga mazkur qogʻozlarni xarid etish paytiga qadar sotish shartlari va emissiya risolasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashlari shart. Emissiya risolasi emitent toʻgʻrisidagi, sotishga havola etilayotgan qimmatli qogʻozlar haqidagi, qimmatli qogʻozlarni chiqarish taomili va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda xaridorning mazkur qimmatli qogʻozlarni sotib olish yoki bunday xariddan voz kechishga qaror qilishiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan boshqa xil axborotlarni aks ettiradi.
Emissiya risolasini chiqarish, uni roʻyxatga olish tartibini, shuningdek emissiya risolasida eʼlon qilinishi shart boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi belgilaydi. Banklar uchun ularning emissiya risolalarida koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda belgilaydi. Davlat korxonalari ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilganda emissiya risolasini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ochiq yozilish uchun havola etilayotgan qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasini emitent Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga taqdim etadi va u roʻyxatga olinganidan soʻng, mazkur qimmatli qogʻozlarga yozilish boshlanishidan kamida oʻn kun oldin matbuotda, shuningdek fond birjasining maxsus nashrida albatta eʼlon qilinishi kerak. Ochiq sotuvga havola etilayotgan aksiyalarni, korporativ obligatsiyalarni chiqarishga oid axborotlarda biron bir oʻzgarishlar yuzaga kelgan hollarda qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent sodir boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi xabarni mazkur qimmatli qogʻozlarga yozilish boshlangunga qadar eʼlon qilmogʻi kerak.
Aksiyalar, korporativ obligatsiyalarni chiqarishga oid eʼlon qilingan axborotdagi maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bu qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent mazkur axborotga tegishli oʻzgartishlar kiritmaguniga qadar ularning tarqatilishini toʻxtatib turish huquqiga ega. Emissiyani roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan emissiya risolasidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi yuzasidan javobgarlik emitentning zimmasida boʻladi.
