5-modda. Soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlar toʻgʻrisida (994-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
Soliqlarni davlat soliq organlari hisoblab chiqaradilar.
Soliq imtiyozlari huquqiga ega boʻlgan shaxslar kerakli hujjatlarni soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadilar.
Imoratlar, binolar va inshootlarga doir soliq ularning har yili 1-yanvargacha boʻlgan holati yuzasidan kommunal xoʻjaligi organlari beradigan inventarizatsiya qiymatiga doir maʼlumotlar asosida, bunday maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda esa — mazkur obyektlarning davlat majburiy sugʻurtasiga muvofiq toʻlovlarni hisoblab chiqishda qoʻllaniladigan baho asosida hisoblab chiqariladi.
Bir necha mulkdorning ulushbay asosidagi umumiy egaligida boʻlgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun soliq har bir mulkdor tomonidan mazkur imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda toʻlanadi.
Transport vositalariga solinadigan soliq toʻlov yoziladigan yilning 1-yanvarigacha boʻlgan holat boʻyicha, transport vositalarini roʻyxatga olishni amalga oshiruvchi tashkilotlar har yili soliq organlariga taqdim etadigan maʼlumotlar asosida hisoblab chiqariladi.
Soliq toʻlovlarini hisoblab chiqarish uchun kerakli maʼlumotlar soliq organlariga bepul taqdim etiladi.
Yangi imoratlar, binolar va inshootlar, shuningdek yangi sotib olingan transport vositalari yuzasidan soliq qurib bitkazilgan yoki sotib olingan yildan keyin keladigan yildan boshlab toʻlanadi.
Bir necha jismoniy shaxs egaligidagi transport vositasi uchun soliq tarnsport vositasi roʻyxatda kimning nomiga qayd etilgan boʻlsa, shu shaxsdan undiriladi.
Merosga qolgan imorat, bino, inshoot yoki transport vositasi uchun soliq meros ochilgan paytdan eʼtiboran merosxoʻrlardan undirilb olinadi.
Imorat, bino, inshoot yoki tansport vositasi yoʻq qilingan, batamom buzilgan hollarda soliq undirish imorat, bino, inshoot yoki transport vositasi yoʻq qilingan yoxud batamom buzilgan oydan boshlab toʻxtatiladi.
Imorat, bino, inshoot yoki tarnsport vositasiga egalik huquqi kalendar yil davomida bir mulkdordan ikkinchisiga oʻtgan taqdirda soliqni birinchi mulkdor oʻsha yilning 1-yanvaridan bu mulkka egalik huquqini yoʻqotgan oyning boshigacha boʻlgan davr uchun, yangi mulkdor esa egalik huquqini qoʻlga kiritgan oydan boshlab toʻlaydi.
Kalendar yil davomida soliq imtiyozlari huquqi yuzaga kelgan taqdirda soliq bu huquq yuzaga kelgan oydan boshlab qayta hisoblab chiqiladi.
