4-modda. Soliq imtiyozlari
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlar toʻgʻrisida (994-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
Ushbu Qonunda belgilab qoʻyilgan barcha soliqlarni toʻlashdan:
Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan mukofotlangan shaxslar;
Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilari va partizanlari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, Ulugʻ Vatan urushi davrida ichki ishlar va davlat xavfsizligi organlarida xizmat qilgan, harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlarda, shtablarda va muassasalarda shtatli lavozimlarni egallab turgan shaxslar, Leningrad shahri qamalini boshdan kechirganlar, konsentratsion lagerlarning sobiq kichik yoshli mahbuslari, baynalminalchi jangchilar;
“Qahramon ona” unvoniga sazovor boʻlgan shaxslar, shuningdek oʻnta va undan ortiq bola tuqqan hamda tarbiyalangan onalar;
Chernobil atom elektr stansiyasi tegrasi doirasidagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganligi uchun imtiyoz oladigan (shu jumladan u yerga vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yoʻllangan) fuqarolar ozod qilinadilar.
Imoratlar, binolar va inshootlarga solinadigan soliq toʻlashdan:
pensionerlar, I va II guruh nogironlari;
harbiy xizmatchilar jumlasidan boʻlmish soldatlar, serjantlar, starshinalar, praporshchiklar va ularning oilalari — haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash davrida, shuningdek muqobil xizmatni oʻtayotgan shaxslar;
harbiy xizmat vazifalarini ado etayotganda yarador boʻlganlik, kontuziyaga uchraganlik yoki shikastlanganlik natijasida yoxud frontda boʻlish tufayli orttirilgan kasallik oqibatida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari va boshqa turmush qurmagan rafiqalari (erlari);
Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarining xizmat vazifalarini ado etayotganda yaralanganlik, kontuziyaga uchraganlik yoki shikastlanganlik oqibatida nogiron boʻlib qolgan boshliq va oddiy askar shaxslar jumlasidan boʻlmish nogironlar ozod qilinadilar.
