33-modda. Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir nomzod boʻyicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi.
Ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka komissiyasining barcha aʼzolari hozirligida saylov varaqalari solingan yopiq konvertlar qutilarga tashlanadi.
Saylov qutilari uchastka saylov komissiyasi tomonidan komissiya raisi ovoz berish tugaganligini eʼlon qilganidan keyin komissiyaning barcha aʼzolari hozirligida ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar saylov qutilarini ochish taqiqlanadi. Foydalanilmagan barcha saylov byulletenlari saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi va bekor qilinadi.
Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning asosiy roʻyxati va mazkur roʻyxat ilovasi boʻyicha uchastkadagi saylovchilarning umumiy sonini, shuningdek byulleten olgan saylovchilarning sonini aniqlaydi. Saylov qutilarida boʻlgan byulletenlar va saylov varaqalari asosida komissiya ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning umumiy sonini; har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini; haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar, varaqalar sonini aniqlaydi. Saylovchilar tomonidan byulletenlarga va varaqalarga qoʻshimcha tarzda yozilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.
Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari va varaqalari, shuningdek ovoz berish vaqtida bittadan ortiq kvadratga belgi-krestik (plyus) qoʻyilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qoʻyilmagan byulletenlar va varaqalar haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulletenining, varaqasining haqiqiyligiga shubha tugʻilgan taqdirda masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qoʻyish orqali hal etiladi.
Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasi majlisida koʻrib chiqiladi va bayonnomada aks ettiriladi.
Bayonnoma komissiya raisi, komissiya raisining oʻrinbosari, komissiya kotibi va aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda tegishli okrug saylov komissiyasiga yuboriladi.
