31-modda. Ovoz berish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda oʻtkaziladi, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlari berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari oʻrnatilishi kerak. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ular yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali oʻtib keladigan qilib joylashtiriladi.
Ovoz berishni tashkil etish, saylovchilar oʻz xohish-istaklarini yashirin bildirishlarini taʼminlash, binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish uchun uchastka saylov komissiyasi javobgardir.
Saylov kuni ovoz berish boshlanishidan oldin uchastka saylov komissiyasining raisi komissiyaning barcha aʼzolari ishtirokida saylov qutilarini tekshiradi, plombalaydi yoki muhrlaydi.
Har bir saylovchi shaxsan ovoz beradi, boshqa kishilar uchun ovoz berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Saylov byulletenlarini tegishli saylov komissiyasi saylov uchastkasi saylovchilarining roʻyxati asosida pasport yoki boshqa guvohnoma koʻrsatilgach beradi. Har bir saylovchi saylov byulleteni olgani haqida saylovchilar roʻyxatidagi oʻz familiyasi roʻparasiga imzo chekadi.
Saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining eʼtiboriga yetkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida boʻla olmasligi sabablari (taʼtil, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida oʻz yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi.
Saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan toʻldiriladi.
Saylovchi qaror qabul qiladi va toʻldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar aʼzosining imzolari qoʻyilib, ular komissiyaning muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlanadi.
