27-modda. Saylov byulleteni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar saylov byulleteniga familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashgʻulotining turi) va ish joyi koʻrsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.
Saylov byulletenida uni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi tushuntirish boʻlishi kerak.
Markaziy saylov komissiyasining farmoyishiga binoan saylov byulletenlari saylovga kamida yigirma kun qolganida davlat tilida nashr etiladi. Okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan saylov byulletenlari saylov okrugining koʻpchilik aholisi soʻzlashadigan tillarda ham nashr etilishi mumkin.
Uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini saylovga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladilar. Berilgan va olingan saylov byulletenlarining sonini tegishli okrug va uchastka saylov komissiyalarining raisi yoki rais oʻrinbosari yoxud kotibi oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilarning roʻyxatlariga kiritilgan saylovchilar sonidan yarim foizdan koʻp boʻlishi mumkin emas. Saylov byulletenining oʻng tomoni yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki aʼzosi imzo qoʻyadi, imzolar uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Komissiya tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.
