26-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlik maqomidan mahrum etish. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlikdan voz kechish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib koʻrsatish toʻgʻrisidagi oʻz qarorini saylovga kechi bilan yetti kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish muddati tugaguniga qadar Markaziy saylov komissiyasiga yangi nomzodni roʻyxatga olish toʻgʻrisida taklif kiritishi mumkin.
Roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya faoliyatini tugatgan taqdirda ham Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻz maqomidan mahrum etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod saylovga kechi bilan yetti kun qolganida nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.
