5-modda. Davlat va jamoat birlashmalari
Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida (223-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Davlat jamoat birlashmalari huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi hamda Konstitutsiyaga muvofiq ular oʻz ustavlaridagi vazifalarni bajarishlari uchun shart-sharoit yaratilishiga kafolat beradi.
Davlat yoshlar va bolalar tashkilotlariga moddiy va maʼnaviy madad beradi, ularga nisbatan imtiyozli soliq siyosati oʻtkazilishini taʼminlaydi, bolalar tashkilotlariga, maktab, maktabdan tashqari muassasalar binolaridan, klublardan, madaniyat saroylari va uylaridan, sport inshootlari va boshqa inshootlardan bepul yoki imtiyozli shartlar bilan foydalanish huquqini beradi.
Qonunda koʻzda tutilgan hollardan tashqari davlat idoralari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek, jamoat birlashmalarining davlat idoralari va mansabdor shaxslarning faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jamoat birlashmalari tashkilotlarining tadbirlari ular aʼzolarining (qatnashchilarning) asosan ishdan boʻsh vaqtida va mazkur birlashmalar mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi.
Jamoat birlashmalari manfaatlariga daxldor masalalar qonunchilikda koʻzda tutilgan hollarda tegishli jamoat birlashmalari ishtirokida yoki ular bilan kelishilgan holda davlat idoralari va xoʻjalik tashkilotlari tomonidan hal qilinadi.
