3-modda. Jamoat birlashmalarini tuzishdan koʻzda tutilgan maqsad
Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida (223-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Jamoat birlashmalari fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy, huquqlar hamda erkinliklarni roʻyobga chiqarish va himoya qilish; fuqarolarning faolligi va tashabbuskorligini, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ularning ishtirok etishini rivojlantirish; kasb-kor va havaskorlik qiziqishlarini qondirish; ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorlikni rivojlantirish; aholining sihat-salomatligini saqlash, xayriya faoliyatida qatnashish; madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport ishlarini amalga oshirish; tabiatni, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish; vatanparvarlik va insonparvarlik tarbiyasi; respublikalararo va xalqaro aloqalarni kengaytirish, xalqlar oʻrtasida tinchlik va doʻstlikni mustahkamlash; qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish maqsadida tuziladi.
Faoliyati jamiyatning axloqiy negizlarini, umumbashariy insonparvarlik qadriyatlarini buzishga qaratilgan, shuningdek konstitutsion tuzumni gʻayriqonuniy yoʻl bilan oʻzgartirish yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududining birligini buzish, urushni, zoʻravonlikni va shafqatsizlikni, jamiyatni parchalashga olib boradigan ijtimoiy, shu jumladan sinfiy, shuningdek irqiy, milliy va diniy adovatni avj oldirish, qonunchilik bilan taqiqlangan boshqa xatti-harakatlar qilish maqsadini koʻzlaydigan jamoat birlashmalarining tuzilishiga yoʻl qoʻymaydi.
Harbiylashtirilgan jamoat birlashmalari va qurolli tuzilmalar, shuningdek diniy xarakterga ega partiyalar, ularning filiallari va boshqa struktura boʻlaklari tashkil etish taqiqlanadi.
Jamoat birlashmalari va ularning idoralari tomonidan qonuniy va demokratik yoʻl bilan shakllantirilgan hokimiyat va boshqaruv idoralari hamda hokimiyat vakolatlariga ega boʻlganlarga nisbatan gʻayridemokratik tarzda kuch ishlatib tazyiq oʻtkazish taqiqlanadi. Qonuniy ravishda amal qilib turgan hokimiyat va boshqaruv idoralari hamda mansabdor shaxslarga demokratik usulda hal etish bahonasi bilan tazyiq oʻtkazishga boʻlgan har qanday urinishga Qonun bilan barham beriladi.
Aholining salomatligi va axloqiga, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga tajovuz qiladigan jamoat birlashmalarini tuzish va ularning faoliyati qonunga muvofiq taʼqib qilinadi.
