18-modda.
Jazoni ijro etish muassasalaridan boʻshatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralarining maʼmuriy nazorati toʻgʻrisida (750-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
Maʼmuriy nazoratni 17-moddaning “a” va “v” bandlarida nazarda tutilgan hollarda toʻxtatish toʻgʻrisida maʼmuriy nazoratni amalga oshirayotgan militsiya xodimi tomonidan qaror chiqarilib, bu qaror ichki ishlar tuman, shahar, shahardagi tuman boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
Maʼmuriy nazoratni 17-moddaning “b” bandida nazarda tutilgan hollarda muddatidan ilgari toʻxtatish toʻgʻrisida ichki ishlar idorasi boshligʻi tomonidan sudga asosli taqdimnoma yoʻllanadi, taqdimnoma oʻn kunlik muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
Sudya yoki ichki ishlar idorasining maʼmuriy nazoratni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori nazorat ostida boʻlgan shaxsga eʼlon qilinadi.
Maʼmuriy nazorat ostida turgan shaxsga doir hisobga olish hujjatlari ichki ishlar idorasida nazorat toʻxtatilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida saqlanadi.
