16-modda.
Jazoni ijro etish muassasalaridan boʻshatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralarining maʼmuriy nazorati toʻgʻrisida (750-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
Militsiya xodimlari maʼmuriy nazoratini amalga oshirishda:
a) nazorat ostiga olingan shaxsning xulq-atvori toʻgʻrisida ish beruvchidan, mazkur shaxs oʻqiyotgan joyning maʼmuriyatidan, u yashayotgan joydagi jamoat birlashmasi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan, shuningdek fuqarolardan maʼlumotlar talab qilib olish;
b) nazorat ostida boʻlgan shaxsni ishga joylashtirish va unga turmush sharoiti yaratib berish toʻgʻrisida tegishli davlat, jamoat va xoʻjalik tashkilotlari oldiga masala qoʻyish;
v) nazorat ostiga olingan shaxsni suhbat uchun militsiyaga chaqirish, zarurat boʻlganda bunday suhbatlarni ish beruvchining, jamoat birlashmasi va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining vakillari, nazorat ostiga olingan shaxsning qarindoshlari, shuningdek suhbat mavzuiga aloqador shaxslar ishtirokida oʻtkazish;
g) nazorat ostida boʻlgan shaxsdan maʼmuriy nazorat qoidalarini ijro etish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ogʻzaki va yozma tushuntirishlar talab qilish;
d) nazorat ostida boʻlgan shaxsning turar joyini soat 6 dan 22 ga qadar borib koʻrish huquqiga egadirlar.
Maʼmuriy nazoratni amalga oshirish yuzasidan ayrim tadbirlarni oʻtkazishda ichki ishlar idoralariga yordam berish uchun ichki ishlar idoralarining shtatsiz xodimlari va jamoatchilikning boshqa vakillari jalb qilinishi mumkin.
Maʼmuriy nazoratdan bosh tortayotgan shaxslarni qidirish sudya qaroriga binoan militsiya tomonidan amalga oshiriladi.
