18-modda. Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida (152-XII-son) · Sana: 31.10.1990 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasining davlat mulkiga maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning mulki (munitsipal mulk) kiradi. Davlat mulkini tasarruf etish va boshqarishni xalq (maʼmuriy-hududiy tuzilma aholisi) nomidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari va ular vakolat bergan davlat boshqaruvi idoralari amalga oshiradilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasining, maʼmuriy-hududiy tuzilmaning budjet yoki boshqa mablagʻlari yoxud ular ixtiyoridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning mablagʻi hisobiga hosil qilinadigan yoki sotib olinadigan mulk tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining mulki yoki maʼmuriy-hududiy tuzilmaning mulki boʻladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz maʼmuriy-hududiy tuzilmalarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Maʼmuriy-hududiy tuzilma esa Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi boshqa davlatlar bilan hamkorlikda mol-mulkka va xoʻjalik faoliyati natijalariga har bir davlatning maʼlum ulushda egalik huquqi asosida mulk hosil qilishi mumkin.
Davlatlararo manfaatlarga daxldor boʻlgan suv resurslaridan, havo havzasidan va boshqa mulk shakllaridan foydalanish ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi.
