36-modda. Axborot agentliklari
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-78-son) · Sana: 15.01.2007 · Amalda
Ushbu Qonun axborot agentliklariga nisbatan qoʻllanilgan taqdirda, ularga bir vaqtning oʻzida ommaviy axborot vositasining tahririyati, noshiri, tarqatuvchisi maqomi hamda huquqiy rejimi tatbiq etiladi.
Axborot agentligi tomonidan taʼsis etiladigan, doimiy nomga ega boʻlgan axborotnoma, xabarnoma, boshqa nashr yoki dastur ushbu Qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Axborot agentligining xabarlari va materiallari boshqa ommaviy axborot vositasi tomonidan tarqatilgan taqdirda, axborot agentligining nomi koʻrsatilishi shart.
