20-modda. Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-78-son) · Sana: 15.01.2007 · Amalda
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
muassis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ommaviy axborot vositasining nomi, tili va turi;
maqsad va vazifalari;
ixtisoslashuvi;
tarqatilish hududi;
davriyligi;
moliyalashtirish manbalari;
tahririyatning joylashgan yeri (pochta manzili) va tahririyat toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar;
hajmi;
muassis va tahririyat boshqa qaysi ommaviy axborot vositalariga nisbatan muassis, ishonchli boshqaruvchi, noshir, tarqatuvchi ekanligi haqidagi (barcha affillangan shaxslarning va ulardan har birining tahririyat ustav fondidagi ulushi miqdorlari koʻrsatilgan) maʼlumotlar.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga ommaviy axborot vositasining taʼsis hujjatlari ilova qilinadi.
Agar muassis bitta shaxsdan iborat boʻlsa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etiladigan ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga faqat tahririyat ustavi (nizomi) ilova qilinadi.
Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi koʻrsatiladi, bunda ushbu modda birinchi qismining oltinchi va oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan maʼlumotlarni taqdim etish talab qilinmaydi.
Ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazishda ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa talablar qoʻyish taqiqlanadi.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi—beshinchi xatboshilarida, shuningdek ikkinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlar va hujjatlarga ommaviy axborot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng oʻzgartishlar kiritilgan taqdirda, u belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtishi shart. Qolgan hollarda muassis yoki tahririyat kiritilgan oʻzgartishlar toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni bir oy muddatda yozma shaklda xabardor qilishi shart.
