20-modda. Xoʻjalik shartnomasi subyektlariga yuridik xizmat koʻrsatish
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida (670-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Xoʻjalik shartnomasi subyektlariga yuridik xizmat koʻrsatish ularning yuridik xizmatlari yoki ana shu maqsadda shartnoma asosida jalb etilgan advokatlar tomonidan amalga oshiriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yuridik xizmati:
xoʻjalik shartnomalarini tuzish, bajarish, oʻzgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini, shuningdek talabnoma bildirish va uni koʻrib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan daʼvo ishlarini olib boradi;
xoʻjalik shartnomalari bajarilishi ustidan oʻzaro tekshiruvlar oʻtkazilishini nazorat qiladi;
xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariga imzolash uchun taqdim etilayotgan xoʻjalik shartnomalari loyihalarining va ular bilan bogʻliq huquqiy tusdagi boshqa hujjatlarning qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshiradi;
tayyorlangan xoʻjalik shartnomasi va u bilan bogʻliq huquqiy tusdagi boshqa hujjat loyihasi qonunchilik talablariga mos emasligi aniqlangan taqdirda, oʻz eʼtirozini asoslagan holda uni qoʻshimcha ravishda ishlab chiqish uchun qaytaradi;
shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi.
