1-modda. Jamiyatning nomi va manzili
Davlat-aksiyadorlik mashina-traktor parkining (324-son) · Sana: 08.04.1997 · Amalda
1.1. Jamiyatning nomi: Davlat aksiyadorlik Mashina traktor parki.
1.2. Jamiyatning manzili: Oʻzbekiston Respublikasi.
1.3. “Davlat aksiyadorlik Mashina traktor parki” jamiyati keyingi oʻrinlarda “Jamiyat” deb ataladi. Jamiyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19-mart 1997-yil 152-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda.
1.4. Jamiyat qishloq xoʻjalik texnikalarida tuproqqa ishlov berish. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarish qilish. Hosilni yigʻishtirib olish bilan bogʻliq boʻlgan mexanizatsiyalashgan qishloq xoʻjalik ishlarini bajaruvchi qishloq xoʻjaligi texnikalarini tuzatuvchi, ularga texnik xizmat koʻrsatuvchi, transport xizmati koʻrsatuvchi, qishloq xoʻjaligi tashkilotlarini traktorlar qishloq xoʻjaligi mashinalari, ehtiyot qismlar va boshqa turdagi moddiy texnika resurslari bilan taʼminlovchi, xalq isteʼmol mollari ishlab chiqaruvchi, chorvachilik fermalariga, shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi, ijtimoiy sohalarda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotdir.
1.5. Jamiyat yuridik shaxs boʻlib hisoblanadi, oʻz mulkiga, yumaloq muhriga, toʻrtburchak tamgʻasiga (shtampiga), mustaqil va tugal balansiga, bank muassasalarida hisob-kitob va valyuta hisob raqamlariga ega boʻladi. Jamiyat oʻz nomidan mulkiy va boshqa nomulkiy, huquqlarga ega boʻlishi, sudlarda javobgar hamda daʼvogar boʻlishi mumkin.
1.6. Jamiyat oʻz faoliyati davomida “Aksiyadorlik jamiyatlari va akdiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi, “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida” gi, “Ijara toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga va qonun hujjatlariga asosan amal qiladi.
1.7. Jamiyat tumanlarda “Oʻzqishloqxoʻjtaʼminottuzatish” davlat kooperativ qoʻmitasi tugatilayotgan tashkilotlarining huquqiy vorisi hisoblanadi. Ilgari tuzilgan barcha shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha masʼuliyatlidir.
1.8. Jamiyat Davlat roʻyxatiga olingan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi.
1.9. Jamiyat oʻz ishlab chiqarish faoliyatini yuritish uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Ijara toʻgʻrisida” gi qonuniga muvofiq jamoa shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklaridan, shirkatlar uyushmalaridan va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalaridan hamda tashkilotlaridan (bular keyingi oʻrinlarda “Xoʻjaliklar” deb ataladi) shartnoma narxi boʻyicha keyinchalik sotib olish huquqi bilan uzoq muddatli ijaraga olingan mashina va mexanizmlar bilan, bunda sotib olinayotgan texnikalarning resursiga, texnik holatiga va ish unumiga alohida eʼtibor qaratilib, shuningdek, sotib olinayotgan yangi texnika bilan butlanadi.
