26-modda. Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi qarori
Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-60-son) · Sana: 11.10.2006 · Amalda
Qonun loyihasi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumida muhokama etiladi va uni Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputati va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi.
Bir nechta qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan tayyorlangan qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi qaror har bir qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan alohida qabul qilinadi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi qarorda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining vakili koʻrsatiladi, u qonun loyihasini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish chogʻida ishtirok etadi. Qarorda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida maʼruza bilan soʻzga chiqadigan vakili ham koʻrsatiladi (bundan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti shaxsan soʻzga chiqadigan hollar mustasno).
Qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga davlat tilida kiritiladi. Bir vaqtning oʻzida ularning boshqa tillardagi tarjimasi taqdim etilishi mumkin.
