25-modda. Qonun loyihasining moliyaviy-iqtisodiy asoslari
Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-60-son) · Sana: 11.10.2006 · Amalda
Moddiy xarajatlar talab qilinadigan qonun loyihasini tayyorlashda unga moliyaviy-iqtisodiy asoslar ilova qilinadi, mazkur asoslarni qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kelishuv uchun majburiy tartibda yuboradi. Javob Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli yozma murojaat kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuborilishi kerak.
Davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini koʻpaytirishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti moddalari boʻyicha oʻzgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlarning loyihalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi boʻlishi zarur. Xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli yozma murojaat kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuborilishi kerak.
