9-modda. Sugʻurta puli, sugʻurta tovoni, sugʻurta taʼminoti
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Sugʻurta summasi – muayyan summa boʻlib, ana shu miqdorda sugʻurtalovchi mol-mulk sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatini oladi yoki u shaxsiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha summani toʻlash majburiyatini oladi.
2. Mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilishda sugʻurta summasi, agar sugʻurta shartnomasida boshqa qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, sugʻurtalanayotgan obyektning sugʻurta qiymatidan (sugʻurta bahosidan) ortiq boʻlmasligi kerak.
3. Sugʻurta tovoni sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurtalanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun sugʻurta puli doirasida toʻlanadigan pul mablagʻlaridir.
4. Tibbiyot, huquqni muhofaza qilish, sud, meteorologiya, veterinariya muassasalari, kommunal muassasalar sugʻurta tashkilotlarining soʻrovlariga koʻra sugʻurta puli yoki sugʻurta tovoni toʻlash masalalarini hal etish uchun ularga kerakli hujjatlar va xulosalarni taqdim etishlari shart.
5. Sugʻurta tashkilotlari toʻlaydigan sugʻurta tovon summalariga soliq solinmaydi.
6. Sugʻurta taʼminoti sugʻurtalanuvchiga yoki uchinchi shaxsga boshqa sugʻurta shartnomalari boʻyicha, shuningdek ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy taʼminot boʻyicha va zararni qoplash tartibiga koʻra ularga tegishli boʻlgan puldan qatʼi nazar toʻlanadi. Bunda sugʻurtalanuvchi vafot etgan taqdirda shaxsiy sugʻurta boʻyicha naf koʻruvchiga tegishli boʻlgan sugʻurta taʼminoti meros qolgan mol-mulk tarkibiga kirmaydi.
