15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mikrokredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishga doir vakolatlari
Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida (O‘RQ-53-son) · Sana: 20.09.2006 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki moliyaviy tizimning barqarorligini saqlash, qarz oluvchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq mikrokredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda:
mikrokredit tashkilotlari ustav fondining eng kam miqdorini, moliyaviy va kassa operatsiyalari oʻtkazish, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish qoidalarini, shuningdek iqtisodiy normativlarni belgilaydi;
koʻrsatilayotgan mikromoliyaviy xizmatlar uchun foizlarni hisoblash tartibini tasdiqlaydi;
mikrokredit tashkilotlarining faoliyatini tekshiradi va ularning faoliyatida aniqlangan mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishlarini bartaraf etishga oid bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
mikrokredit tashkilotining faoliyatini auditdan oʻtkazishga doir talablarni belgilaydi;
mikrokredit tashkiloti ijro etuvchi organi rahbarining malakasiga doir talablarni belgilaydi;
mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, shuningdek belgilangan iqtisodiy normativlar buzilgan taqdirda, oʻz kapitalining besh foizigacha miqdorda jarima undiradi;
mikrokredit tashkiloti tomonidan ayrim moliyaviy operatsiyalar oʻtkazishni uch oygacha boʻlgan muddatga cheklaydi;
mikrokredit tashkiloti litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turadi yoki tugatadi yoxud litsenziyani qayta rasmiylashtiradi va bekor qiladi.
