43-modda. Prokuratura organlaridagi lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga nisbatan qoʻyiladigan talablar
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Prokuratura organlarida prokurorlar, tergovchilar, surishtiruvchilar va ish oʻrganuvchilar lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga ega, zarur kasbiy fazilatlari boʻlgan, zimmalariga yuklanadigan xizmat vazifalarini bajarishga sogʻligʻi imkon beradigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tayinlanadi.
Alohida hollarda, prokuratura organlaridagi xizmatga iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida va boshqa sohalarda oliy maʼlumotga, zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar qabul qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari, shuningdek tumanlar, shaharlar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan shaxslar tayinlanadi.
Prokuratura organlari xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori belgilaydigan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilishi lozim.
