19-modda. Prokuratura organlarining hayʼatlari
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (rais), uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, prokuratura organlarining boshqa xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi. Hayʼatning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasida, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalarida va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarda prokuror (rais), uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari va prokuratura organlarining boshqa xodimlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi. Hayʼatning tarkibi tegishli prokurorning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasida, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalarida va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarda tuziladigan hayʼatlar maslahat organlari boʻlib, ular qonuniylik va jinoyatchilikning holatiga, prokuratura organlarining faoliyatiga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlari va koʻrsatmalarining ijrosiga, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyishga doir va boshqa masalalarni koʻrib chiqadi, prokurorlarning, prokuratura organlari tuzilmaviy boʻlinmalari rahbarlarining va boshqa xodimlarining hisobotlarini eshitadi.
Hayʼat qarorlari asosida tegishli prokurorlar buyruqlar chiqarishi mumkin.
