18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalari
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (bundan buyon matnda Departament deb yuritiladi) tuziladi. Departamentga maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosariga tenglashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Departament boshligʻi rahbarlik qiladi.
Departament boshligʻining oʻrinbosarlari Departament boshligʻining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Departamentning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va hududiy boshqarmalari boshliqlari Departament boshligʻining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Departamentni va uning joylardagi boʻlinmalarini tashkil etish hamda ularning faoliyati tartibi qonunchilikda belgilanadi.
