15-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori rahbarlik qiladi, u Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimiga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oldida hisobdordir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori tegishincha tumanlar, shaharlar prokuraturalarining va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qiladi, qonunlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlariga asosan va ularni ijro etish maqsadida oʻziga boʻysunuvchi xodimlar uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, koʻrsatmalar, farmoyishlar chiqaradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasida boshqarmalar va boʻlimlar tashkil etiladi.
Boshqarmalar va boʻlimlarning boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari, prokurorning katta yordamchilari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining yordamchilari, boshqarmalar va boʻlimlarning katta prokurorlari va prokurorlari, prokuror-kriminalistlar, alohida muhim ishlar boʻyicha katta tergovchilar va alohida muhim ishlar boʻyicha tergovchilar, katta tergovchilar va tergovchilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
