13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining vakolatlari
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori prokuratura organlariga rahbarlik qiladi va ular faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi bilan murojaat etishi mumkin;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishi, uning koʻrib chiqishi uchun masalalar kiritishi va koʻrilayotgan masala yuzasidan fikr bildirishi mumkin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlislarida ishtirok etadi, muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan fikr bildiradi, qonunchilikni qoʻllash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Plenum tushuntirishlar berishi xususida takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hayʼatining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi;
prokuratura organlari xodimlariga darajali unvonlar (harbiy unvonlar) beradi va oliy darajali unvonlar (harbiy unvonlar) berish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat etadi;
prokuratura organlari xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga taqdim etadi;
prokuratura organlari xodimlarini “Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlaydi;
buyruqlar chiqaradi hamda prokuratura organlarining tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
chet el davlatlarining tegishli organlari bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar tuzadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari va boshqa hujjatlari (individual xususiyatga ega boʻlgan hujjatlar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga zid boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarori asosida bekor qilinadi.
