Mikromoliyalash toʻgʻrisida (O‘RQ-50-son)
15.09.2006
Hujjat kuchini yo‘qotgan 21.04.2022
Amaldagi tahrirga oʻtish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yil 21-iyunda qabul qilingan Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi mikromoliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirish, fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining ishchanlik faolligini oshirish uchun ularning moliyaviy mablagʻlar hamda xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Mikromoliyalash toʻgʻrisidagi qonunchilik
Mikromoliyalash toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining Mikromoliyalash toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Mikromoliyalash
Mikromoliyalash mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning qonunchilikda belgilangan miqdordan oshmaydigan summada mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berish, shuningdek mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) muvofiq boshqa xizmatlar koʻrsatish borasidagi faoliyatidir.
4-modda. Mikrokredit
Mikrokredit qarz oluvchiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 300 million soʻmdan oshmaydigan summada toʻlovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida beriladigan pul mablagʻlaridir.
Mikrokredit qarz oluvchiga pul mablagʻlarini shartnomaga muvofiq muayyan maqsadlar uchun ishlatish shartlari asosida (maqsadli mikrokredit) berilishi mumkin.
5-modda. Mikroqarz
Mikroqarz banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs boʻlgan qarz oluvchiga 50 million soʻmdan oshmaydigan summada toʻlovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida beriladigan pul mablagʻlaridir.
6-modda. Mikrolizing
Mikrolizing mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan lizing oluvchining topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan mol-mulk olish hamda uni egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga shartnomada belgilangan shartlar asosida haq evaziga berish nazarda tutiladigan xizmatdir.
Mikrolizing tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun lizing toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq 600 million soʻmdan oshmaydigan summada beriladi.
Ushbu Qonunda qarz oluvchilarga nisbatan belgilangan qoidalar mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning xizmatlaridan foydalanuvchi lizing oluvchilarga nisbatan qoʻllaniladi.
7-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar
Banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlardir.
8-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish qoidalari
Mikromoliyaviy xizmatlar mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish qoidalariga muvofiq koʻrsatiladi.
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish qoidalari mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish qoidalari barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlishi va bu qoidalarda quyidagilar boʻlishi kerak:
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartlari;
mikromoliyaviy xizmatlarning miqdori, muddatlari, toʻlovi va toʻliq qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartnomalari boʻyicha yillik qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllash taqiqlanadi.
9-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish uchun mablagʻlarning manbalari
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻz mablagʻlari, shu jumladan olgan daromadlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatadi.
10-modda. Mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish qoidalariga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotga mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun buyurtma (bundan buyon matnda buyurtma deb yuritiladi) hamda oʻz faoliyati va daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boshqa hujjatlar taqdim etadi.
11-modda. Buyurtma
Buyurtmada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
yuridik shaxs uchun — uning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
jismoniy shaxs uchun — uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (shaxsini tasdiqlovchi hujjati) seriyasi va raqami, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzili, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor uchun — qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
mikromoliyaviy xizmatlarning summasi, turi, maqsadi, bunday xizmatlar koʻrsatish muddatlari va obyekti;
buyurtma beruvchining faoliyat turi va daromadlari.
Buyurtma buyurtma berilgan sana koʻrsatilgan holda buyurtma beruvchi tomonidan imzolanadi.
12-modda. Buyurtmani koʻrib chiqish
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot buyurtmani olganidan soʻng uch ish kuni ichida uni koʻrib chiqishi va mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida yoki mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilishi shart.
Buyurtma mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan koʻrib chiqilayotganda quyidagilarning tahlili amalga oshiriladi:
buyurtma beruvchining daromadlari yetarliligini aniqlash;
buyurtmada bayon etilgan maʼlumotlarning bir-biriga zid boʻlmasligi;
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot oldidagi majburiyatlarni buyurtma beruvchi tomonidan oʻz vaqtida bajarish imkoniyatining mavjudligi.
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot buyurtma beruvchiga bu haqda yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
13-modda. Shartnoma
Buyurtmani koʻrib chiqish natijalariga koʻra mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot va qarz oluvchi oʻrtasida shartnoma tuziladi.
Shartnoma yozma shaklda tuziladi.
14-modda. Shartnomaning mazmuni
Shartnomada quyidagilar nazarda tutilgan boʻlishi kerak:
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (shaxsini tasdiqlovchi hujjati) seriyasi va raqami, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzili (yakka tartibdagi tadbirkor uchun qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari koʻrsatiladi) yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
mikromoliyaviy xizmatning umumiy summasi, maqsadi va obyekti;
foizlar yoki lizing toʻlovlari miqdori;
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartnomalari boʻyicha yillik qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etadigan summada foizlar hisoblashni, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirishni, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllashni taqiqlash sharti;
mikromoliyaviy xizmat koʻrsatish, mikromoliyaviy xizmat boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, shuningdek foizlar va lizing toʻlovlarini toʻlash tartibi va muddatlari;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi;
shartnomaning amal qilish muddati;
shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi.
Qonunchilikka muvofiq shartnomada boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
15-modda. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish
Shartnoma shartlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, taraflarning kelishuviga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
Qarz oluvchi foydalanilmagan mikromoliyaviy xizmat summasidan voz kechish haqida mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotni shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor etish orqali mazkur summadan voz kechishga haqli.
Qarz oluvchi koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatdan shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida foydalanmagan taqdirda, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot shartnomani bekor qilish haqida qarz oluvchini yozma ravishda xabardor etish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.
Yozma xabar topshirilgan yoki pochta orqali joʻnatilgan sana mazkur yozma xabar yuborilgan sana hisoblanadi.
16-modda. Qarz oluvchining huquq va majburiyatlari
Qarz oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish qoidalari bilan tanishib chiqish;
oʻz huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida, shu jumladan mikromoliyaviy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda toʻliq axborot olish;
shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilish.
Qarz oluvchi:
mikromoliyaviy xizmatdan foydalanish va shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etishi;
olingan maqsadli mikrokreditdan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
majburiyatlarni shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarishi shart.
Qarz oluvchi qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
17-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
shartnomaga muvofiq majburiyatlarning qarz oluvchi tomonidan bajarilishini taʼminlash sharti asosida yoki shunday shartsiz mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish;
buyurtma beruvchiga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishni asoslantirilgan holda rad etish;
mikromoliyaviy xizmat koʻrsatish va shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni buyurtma beruvchidan soʻrab olish;
toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagan yoxud maqsadli mikrokreditdan belgilangan maqsadda foydalanilmagan taqdirda, majburiyatlarning qarz oluvchi tomonidan muddatidan ilgari bajarilishini talab qilish.
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot:
buyurtma beruvchining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida, shu jumladan mikromoliyaviy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha xarajatlar haqida buyurtma beruvchiga ishonchli hamda toʻliq axborotni maʼlum qilishi;
shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishi;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini qarz oluvchiga qoplashi shart.
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
18-modda. Qarz oluvchi tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash
Qarz oluvchi tomonidan shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi:
bank yoki sugʻurta tashkilotining kafolati;
uchinchi shaxslarning kafilligi;
mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlar garovi, shu jumladan garov depoziti, banklarning omonat sertifikatlari hamda qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan taʼminlanadi.
Qarz oluvchining daromadlari hajmi, shuningdek shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilishining qarz oluvchi tomonidan taqdim etilgan taʼminoti olingan mikromoliyaviy xizmat summasini qaytarish va mazkur xizmat boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yetarli boʻlishi kerak.
19-modda. Mikrokreditni, mikroqarzni muddatidan ilgari qaytarish va mikrolizing obyektining qiymatini muddatidan ilgari toʻlash
Qarz oluvchi olingan mikrokredit, mikroqarz summasini muddatidan ilgari qaytarishga yoki mikrolizing obyektining qiymatini muddatidan ilgari toʻlashga, shuningdek ulardan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun hisoblangan foizlarni (lizing beruvchining foizli daromadini) toʻlashga haqli.
20-modda. Qarz oluvchi majburiyatlarining kafolat beruvchi va kafil tomonidan bajarilishini taʼminlash
Qarz oluvchi oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, kafolat beruvchi yoki kafil qarzni qaytarish muddati tugagach, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotning birinchi talabiga binoan shartnomaga muvofiq qarz oluvchining qarzini toʻlashi shart.
21-modda. Hujjatlarning saqlanishi
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni saqlash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
22-modda. Nizolarni hal etish
Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
23-modda. Mikromoliyalash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Mikromoliyalash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 15-sentabr,
OʻRQ-50-son
