Umumiy foydalanishdagi havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilarining majburiy shaxsiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (866-XII-son)
07.05.1993
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.11.2015
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Ushbu Qonun davlat sugʻurta organlari bilan havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilari oʻrtasidagi sugʻurta voqeasi boshlanishi bilanoq havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilarining majburiy sugʻurtasiga (bundan buyon “yoʻlovchilarni sugʻurtalashga”) doir munosabatlarni tartibga soladi.
1-modda. Sugʻurta maqsadi
1. Ushbu Qonunning maqsadi yoʻlovchilarning sugʻurta himoyasini taʼminlash hamda majburiy sugʻurtasi shartlarini yaxshilashdan iboratdir.
2. Yoʻlovchilarni majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisidagi qonunlar ushbu Qonundan hamda unga muvofiq chiqariladigan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iborat boʻladi.
2-modda. Sugʻurta shakli
Safar (parvoz) vaqtida yoki tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargohda roʻy berishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisalardan majburiy sugʻurtasidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilari muqarrar tarzda sugʻurtalanadilar.
Quyidagilar:
shahar atrofiga qatnovchi temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilari;
shahar ichida qatnovchi avtomobil transporti yoʻlovchilari;
bir viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasida qatnovchi avtomobil transporti yoʻlovchilari uchun 50 kilometr masofagacha majburiy sugʻurta qoʻllanilmaydi.
3-modda. Sugʻurtalash obyekti va subyekti
Sugʻurtalash obyekti yoʻlovchilarning salomatligi va hayotidir.
Sugʻurtalanuvchilar – umumiy foydalanishdagi tayyoralar, poyezdlar, avtobuslar, kemalar va paromlarda yoʻlovchilarni tashuvchi transport tashkilotlaridan chiptalarni sotib olgan jismoniy shaxslar (yoʻlovchilar).
Sugʻurtalovchi – davlat sugʻurta tashkiloti.
4-modda. Sugʻurta voqealari
Sugʻurta muddati davomida roʻy bergan hamda baxtsiz hodisa toʻgʻrisidagi hujjat, davolash-oldini olish muassasasining dalolatnomasi bilan tasdiqlangan shikastlanish, zaharlanish yoki halok boʻlish hollari sugʻurta voqeasi hisoblanadi.
5-modda. Sugʻurta toʻlovlari
Sugʻurta toʻlovi chipta qiymatiga qoʻshiladi hamda uni transport tashkiloti yoʻlovchidan undirib oladi.
Sugʻurta puli hamda sugʻurta tarifini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Umumiy foydalanishdagi havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transportida bepul yurish huquqidan foydalanuvchi yoʻlovchilar amaldagi qonunlarga muvofiq sugʻurta puli toʻlamagan holda majburiy sugʻurtadan oʻtkazilishi shart.
6-modda. Sugʻurta muddati va sugʻurta amal qiladigan joy
Yoʻlovchilar chipta sotib olib, dastlabki joʻnash joyi (tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargoh) hududiga borgan paytlaridan boshlab transport vositasi jadval boʻyicha joʻnashiga koʻpi bilan bir soat qolgunga qadar sugʻurtalangan hisoblanadilar.
Sugʻurta muddati yoʻlovchi borar manzilidagi tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargoh hududidan chiqqanidan keyingina tugaydi.
7-modda. Sugʻurta summalarini toʻlash
Sugʻurta qilingan yoʻlovchi transportda roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli shikastlangan yoki umumiy mehnat qobiliyatini yoʻqotgani taqdirda unga sugʻurta pulini turar-joydagi davlat sugʻurta muboshirligi toʻlaydi.
8-modda. Baxtsiz hodisa toʻgʻrisidagi hujjatni tuzish
Transport tashkiloti sugʻurta qilingan yoʻlovchi bilan transportda roʻy bergan har bir baxtsiz hodisa haqida hujjat tuzadi.
9-modda. Nizolarni qarab chiqish
Sugʻurta summalarini toʻlashga doir nizolar davlat sugʻurta idoralari tomonidan bir oy muddat ichida qarab chiqiladi. Agar sugʻurtalanuvchi shaxsning talabi qondirilmasa, u sudga murojaat etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
866-XII-son
