15-modda. Mahsulot belgisini roʻyxatdan oʻtkazish
Mahsulot belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari toʻgʻrisida (860-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
1. Mahsulot belgisini roʻyxatga olish haqidagi qarorga asosan Patent idorasi mahsulot belgisini Oʻzbekiston Respublikasining Mahsulot belgilari davlat reyestrida (matnda bundan keyin “Davlat reyestri” deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtkazadi. Davlat reyestriga va mahsulot belgisi roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga mahsulot belgisining tasviri, uning egasi haqidagi maʼlumotlar, mahsulot belgisi ustuvorligi belgilangan va belgi roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqt, ushbu belgini qoʻyish moʻljallangan mahsulotlar roʻyxati, mahsulot belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga tegishli boshqa maʼlumotlar, shuningdek bu maʼlumotlarga taalluqli keyingi barcha oʻzgartishlar kiritiladi.
2. Davlat reyestriga va jamoa belgisi roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha ravishda mazkur belgidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan korxonalar roʻyxati kiritiladi.
Jamoa belgisining egasi jamoa belgisi ustaviga kiritilgan oʻzgartishlar haqida Patent idorasini xabardor qiladi.
