5-modda. Hokimiyat shahar idoralarining yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari
“Yer toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (859-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Yer munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagilar hokimiyatning shahar idoralari ixtiyorida boʻladi:
shahar doirasidagi yerlardan foydalanishni va ularni muhofaza qilishni nazorat etish;
yer uchastkasining katta-kichikligidan qatʼi nazar, shahar doirasida egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga yer berish, shuningdek erni olib qoʻyish, qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yerlari bundan mustasno;
yerga egalik qilish, undan foydalanish huquqlarini, shuningdek erni ijraga olish shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish;
shahar doirasida fuqarolarga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga berib qoʻyilgan yer uchun yer soligʻi va ijara haqi undirish;
ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida belgilab qoʻyilgan tartibda yer berilgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini toʻxtatish;
yer-kadastr hujjatlarining yuritilishini tashkil etish;
yer tuzish ishlarini uyushtirish.
Hokimiyatning shahar tarkibiga kiruvchi tuman idoralari yer munosabatlarini tartibga solish sohasida hal etadigan masalalar doirasini hokimiyatning shahar idoralari belgilab qoʻyadilar.
