7-modda. Isteʼmol krediti berish
Isteʼmol krediti toʻgʻrisida (O‘RQ-33-son) · Sana: 06.05.2006 · Amalda
Isteʼmol krediti isteʼmol krediti berish qoidalariga muvofiq isteʼmol krediti shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) boʻyicha toʻlovlilik, muddatlilik va taʼminlanganlik shartlari bilan beriladi.
Isteʼmol krediti oʻz faoliyati natijasida olingan daromadlarga, pensiya va boshqa daromadlarga (bundan buyon matnda daromadlar deb yuritiladi) ega boʻlgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Isteʼmol krediti berish qoidalari isteʼmol krediti beruvchi tashkilot tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Isteʼmol krediti berish qoidalari hamma tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlishi va ularda isteʼmol krediti berish shartlari, shuningdek kredit miqdori, uni berish muddati, foiz stavkasi, isteʼmolchi toʻlashi lozim boʻlgan toʻlovlar jadvali toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kreditga sotish sotuv kunida amalda boʻlgan narxlar boʻyicha amalga oshiriladi. Realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining keyinchalik oʻzgarishi shartnoma taraflarining majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
