68-modda. Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi quyidagi holatlardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlgan taqdirda faoliyatini tugatadi:
1) soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaning amal qilish muddati tugaganda;
2) taraflarning kelishuviga koʻra soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinganda;
3) soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi sudning qarori qonuniy kuchga kirganda;
4) soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomani uning ishtirokchilari tarkibi oʻzgarishi munosabati bilan oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bitim belgilangan muddatlarda soliq organiga taqdim etilmaganda;
5) soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi qayta tashkil etilganda (bundan qayta oʻzgartirish mustasno) yoki tugatilganda;
6) qonunchilikka muvofiq soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisiga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish yuritish qoʻzgʻatilganda;
7) soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq kelmaganda;
8) soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaga majburiy oʻzgartishlarni kiritishdan boʻyin tovlaganda.
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi boʻlgan yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) ushbu Kodeks 62-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shartlarning buzilishiga olib kelmaydigan xarid qilish yoki sotish soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatishga sabab boʻlmaydi.
Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida koʻrsatilgan holat mavjud boʻlganda, soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi ushbu guruhni tuzish toʻgʻrisidagi shartnomani roʻyxatdan oʻtkazgan soliq organiga uning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi, konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilari boʻlgan barcha yuridik shaxslarning vakolatli vakillari tomonidan imzolangan qarorni yuborishi shart. Bunday qaror koʻrsatilgan soliq organiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay yuboriladi.
