56-modda. Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan axborot resursi soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti hisoblanadi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidan soliq toʻlovchilar va soliq organlari oʻz huquqlari hamda majburiyatlarini elektron tarzda amalga oshirishi uchun foydalanilishi mumkin. Qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa manfaatdor shaxslar ham ushbu axborot resursi orqali elektron hujjatlar almashinuvini amalga oshirishi mumkin.
Soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarga va soliq toʻlovchilar tomonidan soliq organlariga yuboriladigan elektron hujjatlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Har bir soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti ushbu soliq toʻlovchi soliq organlarida hisobga qoʻyilganidan keyin shakllantiriladi.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish soliq toʻlovchi tomonidan ixtiyoriy tartibda (bundan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno) amalga oshiriladi. Bunda soliq organlari hamda soliq toʻlovchilar boʻlgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻrtasidagi axborot almashinuvi faqat soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxsga, ushbu shaxs yakka tartibdagi tadbirkor boʻlishidan yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, soliq toʻlovchining bitta shaxsiy kabineti shakllantiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida hisobga turgan jismoniy shaxs oʻz soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatidagi oʻz huquqlari va majburiyatlarini elektron tarzda amalga oshirish uchun foydalanishi mumkin.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga kirish yagona identifikatsiyalash tizimi orqali elektron raqamli imzo vositasida amalga oshiriladi.
Elektron raqamli imzo soliq toʻlovchiga uning arizasi asosida Davlat xizmatlari markazi orqali haq toʻlash asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti faollashtirilganidan keyin to uning amal qilishi toʻxtatib turilguniga qadar soliq organlari barcha hujjatlarni soliq toʻlovchiga faqat uning shaxsiy kabineti orqali yuboradi. Soliq toʻlovchi hujjatlarni soliq organlariga xuddi shunday tartibda yuboradi.
Soliq organlari tomonidan hujjat va soliq toʻlovchiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi chogʻida u koʻrsatgan mobil telefon raqamiga tegishli SMS-xabar yuboriladi.
